Xorazmda o‘zboshimchalik bilan 35 tup tut daraxtini kesgan shaxsga 48,8 mln so‘m jarima solindi
Xorazm viloyati Shovot tumanida o‘zboshimchalik bilan 35 tup tut daraxtini kesgan fuqaroga 48 million 870 ming so‘m jarima qo‘llanildi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.


Maʼlum bo‘lishicha, Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Shovot tuman inspeksiyasi va tuman IIB xodimlari bilan hamkorlikda Shovot tumanida o‘tkazilgan ekologik reyd tadbirlari o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Shovot tumani “Beshchiqir” MFYda yashovchi fuqaro A.Ortiqov tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan, o‘zboshimchalik bilan imorat qurish maqsadida turlicha kattalikdagi 35 tup tut daraxtini noqonuniy ravishda kesib olgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan fuqaro A.O.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi (daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima (1 350 000 million so‘m) va 47 million 520 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi.
Eslatib o‘tamiz, qonunchilikda daraxtlar, butalarni, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish uchun javobgarlik mavjud. Bunda fuqarolarga 2 million 450 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 3 million 675 ming so‘mgacha jarima belgilangan.
Bundan tashqari, kim qonunni buzib, davlat tomonidan qo‘riqlanayotgan daraxtni kesadigan bo‘lsa, undan belgilangan jarimaning 20 barobari miqdoridagi to‘lov undiriladi. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 162-moddasiga muvofiq (“Shaharlardagi daraxtlarni shikastlantirish yoki ularni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlash”) fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha (maksimum 2,2 million so‘m yoki 220 AQSH dollari), mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha (maksimum 4,4 million so‘m yoki 440 AQSH dollari) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Avvalroq, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi, Denovda 857 tup daraxt kesilgani va o‘simlik dunyosiga 329 million so‘m zarar yetkazilgani, Bo‘stonliq tumanidagi “Amirsoy” kurort zonasida 700 tup atrofidagi qimmatbaho daraxtlar kesib tashlangani, shu bilan birga daraxtning tanasi eʼlon yoki reklama qoqiladigan joy emasligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida daraxtlarga reklama o‘rnatish bo‘yicha aniqlangan 1 300 dan ortiq holatdagi reklamalar olib tashlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.







