BMT 2022 yilgacha dunyo aholisini to‘liq emlanishiga erishmoqchi
BMT Bosh Assambleyasi 76 sessiyasi raisi Abdulla Shaxin butun dunyo 2022 yil oxiriga qadar koronavirusga qarshi to‘liq emlanishiga umid bildirdi.


“Men o‘z vakolatimdan foydalanib barchani birlashishga chaqiraman. Bizning asosiy vazifamiz –– 2022 yilgacha dunyo bo‘yicha to‘liq emlanishni taʼminlash”, – degan Shaxin.
U Bosh Assambleya 193 davlatdan iboratligini, o‘tgan haftada ko‘plab davlatlar, xususan, Xitoy, Hindiston, AQSH va vaksina ishlab chiqaradigan boshqa davlatlar tomonidan ijobiy signallar bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
Olimlar koronavirusni yengishning yagona yo‘li emlanish ekanini taʼkidlab kelmoqda. JSST rejasiga ko‘ra, 2021 yil oxiriga qadar sayyora aholisining 40 foizini, 2022 yil oxirida esa 70 foizini emlash ko‘zda tutilgan.
Avvalroq JSST rahbari Gebreyesus vaksinalar taqsimotidagi adolatsizlik to‘g‘risida gapirgandi. Shuningdek, vaksinalar teng taqsimlanmasa, pandemiya davom etishi haqida xabar berilgan edi.
Jahongir Qo'ziyev







