Jerar Depardye: "O‘zbekistonning milliy kinematografiyani rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlari tahsinga loyiq"
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Kinematografiya agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan "Ipak yo‘li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivalida 1-oktabr kuni “O‘zbekfilm” binosida taniqli fransuz aktyori Jerar Depardye bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda aktyor o‘zining bolalik davri haqida so‘zlab berdi, filmlarni suratga olish vaqtidagi hikoyalar va kino sohasining kelajagi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.
"Balki menda o‘zbek qoni bordir, chunki men O‘zbekiston tarixiga juda qiziqaman. Shuning uchun men O‘zbekistonda film suratga olishga qaror qildim". Taʼkidlash joizki, Jerar Depardye O‘zbekiston madaniyati elchisi hisoblanadi.
Mashhur aktyor O‘zbekistonga avval ham kelganini aytib o‘tdi va o‘zining iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, kinofestivalga taklif uchun minnatdorchilik bildirdi.
"O‘zbekiston hukumatining milliy kinematografiyani rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlari tahsinga loyiq. Ko‘rib turibmizki, o‘zbek kinematografiyasining kelajagi sifatida yoshlarga katta eʼtibor qaratilmoqda", — deya qo‘shimcha qildi Depardye.
Eslatib o‘tamiz, kinofestival bosh homiysi: AGMK, NGMK va “O‘zbekneftgaz”. Hamkor homiylar: “O‘ZBEKTELEKOM”, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpromstroybank”ATB, “Ipoteka-bank” ATIB, “Asakabank”AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Hududgazta‘minot”, “UzAuto Motors”AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Milliy bank”AJ, “Farg‘onaazot”AJ, “Eriell”, “Bosch” TM, “Easy Booking”.
Eslatib o‘tamiz, “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali munosabati bilan yurtimizga fransuz aktyori Jerar Depardye tashrif buyurgandi.
Bundan avvalroq “O‘zbekfilm” kinokonsernida rossiyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Devyatayev” badiiy filmi kino ixlosmandlari eʼtiboriga havola qilingani, "Danmon Group" kompaniyasi bilan kelishuv imzolangani, shuningdek, “Kino 5 kunda” tanlovida suratga olingan filmlar namoyish etilishi, O‘zbek va rus tillarida faoliyat olib boruvchi yuqori sifatli filmlar va seriallar namoyish etiladigan onlayn kinoteatr yaratilgani, bundan tashqari, “Mehr” operatsiyasiga bag‘ishlangan film premyerasi bo‘lib o‘tgani, Paralimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbek qizi haqidagi film namoyishi hamda Toshkent xalqaro kinofestivalining “Jahon kinosi kunlari” dasturini eronlik rejissyor Ibrohim Muxtoriyning “Hayot varaqlari” filmi boshlab berishi haqida xabar berilgandi.







