Uxanda “g‘oyib” bo‘lgan jurnalist aloqaga chiqdi
Uxan shahridagi koronavirus bilan bog‘liq haqiqiy vaziyatni ko‘rsatgan jurnalistlardan biri uzoq vaqtdan so‘ng yana aloqaga chiqdi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.


Chen Syushi 2020 yil Uxan shahridagi haqiqiy vaziyatni ko‘rsatib bergan. Aynan u koronavirus haqida dastlabki maʼlumotlarni taqdim etgan jurnalistlardan biri. Syushi va yana ikki muxbir 2020 yil 6—26-fevral oralig‘ida “yo‘qolib qolgan”. Ular Twitter va YouTube orqali Uxanda to‘lib ketgan kasalxona hamda “morg”lar haqida maʼlumot bergandi. O‘tgan yilning sentyabrida Syushining do‘sti YouTube orqali uning salomatligi yaxshiligini, ammo hamon hukumat nazorati ostida ekanini maʼlum qilgan.
“So‘nggi bir yil va sakkiz oy davomida ko‘p narsani boshdan kechirdim. Ularning ayrimlari haqida gapirish mumkin, ayrimlari haqida yo‘q. Meni tushunasiz degan umiddaman”, –degan jurnalist.
Maʼlumot o‘rnida: 2020 yilning yanvarida Uxan shahrida aniqlangan Covid-19 keyinchalik butun dunyoga tarqaldi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, hozirda butun dunyoda 4 milliondan ortiq inson kasallik oqibatida vafot etgan.
Avvalroq BMT dunyo 2022 yil oxiriga qadar to‘liq emlanishi zarurligini maʼlum qilgandi. Shuningdek, JSST rahbari vaksinalar taqsimotidagi notenglik haqida gapirgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







