Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi (foto)
Prezident tashabbusi bilan qayta tiklangan va Kinematografiya agentligi tomonidan Toshkentdagi yangi ochilgan “Renessans holl” kinokonsert zalida 28-sentabrdan start olgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali yopilish marosimi o‘tkazildi. Unda xalqaro delegatsiyalar vakillari, mutaxassislar, kinoijodkorlar va yoshlar bir yerga jam bo‘lishdi.


Qayd etilishicha, marosim avvalida kinofestival tadbirlari, ijodiy uchrashuvlar, katta premyeralar, xorijiy delegatsiyalarning kutib olingani va viloyatlar bo‘ylab safarlar jamlangan rolik taqdim etildi.

Marosimda “Kino 5 kunda” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Jumladan, tanlovda eng yaxshi deb topilgan “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi uchun yosh rejissyor Sherzod Nazarovga “Gran-pri” mukofoti topshirildi.

Toshkent xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi erkak roli uchun” Tursunboy Pirjonov, “Eng yaxshi ayol roli uchun” Madina Mahmudova va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanishdi.


"Ipak yo‘li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining “Kino 5 kunda” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari:
Gran-pri – Sherzod Nazarov "Ipak yo‘lida" filmi uchun;
"Ipak yo‘li durdonasi" – Pak Su Min "Takror xotiralar" filmi uchun;
Hayʼatning maxsus sovrini – Saidaʼlo Maʼsudxonov “Obyektiv” filmi uchun;
“Eng yaxshi rejissyorlik ishi uchun” — Xuan Antonio Martines “Bir juft poyafzal” filmi uchun;
“Eng yaxshi ssenariy uchun” — Vanja Viktor va Kabir Tognola “Tovuqli kechki ovqat” filmi uchun;
“Eng yaxshi erkak roli uchun” — Tursunboy Pirjonov “Ipak yo‘lida” filmi uchun;
“Eng yaxshi ayol roli uchun” — Madina Mahmudova “Obyektiv” filmi uchun.
Kinofestivalning “Dunyo yoshlari kinosi Yangi O‘zbekistonda” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari:
“Eng yaxshi film” — Manzarali Sherali “Yuk” filmi uchun;
“Eng yaxshi rejissyorlik ishi uchun” — Dmitriy Semyonov “Franka” filmi uchun;
“Eng yaxshi erkak roli uchun” — Abdukarim Mashrab “Yuk” filmi uchun;
“Eng yaxshi ayol roli uchun” — Marina Poddubnaya “Franka” filmi uchun.


Shuningdek, “Dunyo yoshlari kinosi Yangi O‘zbekistonda” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ham aniqlandi. Sahnada ularga “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining maxsus statuetkasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Taʼkidlanishicha, mehmonlarga taniqli xorijiy va o‘zbek estrada yulduzlari tomonidan shou-konsert taqdim etildi.




Hamkor homiylar: “O‘ZBEKTELEKOM”, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpromstroybank” ATB, “Ipoteka-bank” ATIB, “Asakabank” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Hududgazta‘minot”, “UzAuto Motors” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Milliy bank” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Eriell”, “Bosch” TM, “Easy Booking”.
Avvalroq “O‘zbekfilm” binosida taniqli fransuz aktyori Jerar Depardye va fransuz kinorejissyori Lyuk Besson bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Shuningdek, rossiyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Devyatayev” badiiy filmi kino ixlosmandlari eʼtiboriga havola qilingani, "Danmon Group" kompaniyasi bilan kelishuv imzolangani, “Kino 5 kunda” tanlovida suratga olingan filmlar namoyish etilishi, O‘zbek va rus tillarida faoliyat olib boruvchi yuqori sifatli filmlar va seriallar namoyish etiladigan onlayn kinoteatr yaratilgani, bundan tashqari, “Mehr” operatsiyasiga bag‘ishlangan film premyerasi bo‘lib o‘tgani, Paralimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbek qizi haqidagi film namoyishi hamda Toshkent xalqaro kinofestivalining “Jahon kinosi kunlari” dasturini eronlik rejissyor Ibrohim Muxtoriyning “Hayot varaqlari” filmi boshlab berishi haqida xabar berilgandi.







