"Tolibon" 13 nafar hazorani o‘ldirgani aniqlandi
Amnesty International tashkilotining xabariga ko‘ra, qatl etilganlarning 11 nafari hukumatning toliblarga taslim bo‘lgan askarlari bo‘lgan. Ikki nafari esa tinch aholi vakilidir. Ulardan biri 17 yashar qiz ekani aytilmoqda. Voqea Daykundi viloyatida yuz bergan.


Bu qatllar Tolibonning o‘zgarmaganini ko‘rsatadi, deyiladi tashkilot hisobotida.
Hazoralar butun Afg‘oniston aholisining 9 foizini tashkil etadi. Etnik guruh islom dinining shia mazhabiga eʼtiqod qiladi. Afg‘oniston aholisining aksariyati sunniylardir.
Etnik guruhning kelib chiqishi haqida ko‘p maʼlumotlar bo‘lmasada, yuz tuzilishiga ko‘ra, baʼzi olimlarning fikricha, ular shimoldan kelgan turkiy va mo‘g‘ul qabilalarning mahalliy aholi bilan qorishib ketgan avlodlaridir. Forsiy tilda so‘zlashsada, ko‘rinishi, shuningdek, madaniyati jihatdan Markaziy Osiyo xalqalariga o‘xshab ketadi.
Hazoralar Afg‘onistonda eng ko‘p diskriminatsiya, taʼqib qilinuvchi etnik guruh sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” tana aʼzolarini kesib tashlash jazosini qayta joriy qilmoqchiligi, “Tolibon hukumati BMTga qo‘shilish istigini bildirgani xabar qilingandi. Shuningdek, “Tolibon” olti oy ichida saylov o‘tkazmoqchiligi haqida eʼlon qilingandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







