Senat raisi O‘zbekiston qizlarini bayram bilan tabrikladi
Bugun, 11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni butun dunyoda nishonlanmoqda.


Sana munosabati bilan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali tabrik yo‘lladi.
"Qizlar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib, biz dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan yangi avlod yetakchi xotin-qizlarini tarbiyalaymiz!
Va bugungi kunda bizning saʼy-harakatlarimiz hamda intilishlarimiz barcha qizlarimiz sog‘lom va himoyalangan, munosib taʼlim olib, bandligi taʼminlangan, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladigan dunyoni yaratishga qaratilgan.
Hammamiz O‘zbekistonimizning jondan aziz qizaloqlarini baxtli ko‘rishni istaymiz. Qizlarimizning farovon kelajagi uchun barchangizni yana-da masʼuliyatliroq bo‘lishga chaqirib qolaman!" — deya yozib qoldirgan Senat raisi.
Maʼlumot uchun, BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktabr — “Xalqaro qizlar kuni” deb eʼlon qilingan. Ushbu sana har yili jahon bo‘ylab turli davlatlarda qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga eʼtibor qaratish maqsadida nishonlanib kelinmoqda. Bu muammolarga majburiy nikoh, ularning taʼlim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishlarini taʼminlash kabi holatlar kiradi.
Bundan avvalroq parlament ayol rahbarlarining navbatdagi sammiti O‘zbekistonda bo‘lishi hamda Turkmanistonda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining forumi bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilingandi.







