Qo‘shni Qozog‘istonda “UzAuto Motors” avtomobillari liderlik qilmoqda
Qozog‘iston Avtomobil Biznesi Assotsiatsiyasi (AKAB) shu yilning yanvar-sentabr oylari bo‘yicha avtomobil savdosi bilan bog‘liq natijalarni eʼlon qildi. Unda “Chevrolet Cobalt” va “Chevrolet Nexia” avtomobil modellari eng ko‘p sotilgan. Bu haqda “UzAuto Motors”ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berildi.


Unda aytilishicha, qo‘shni davlatda ushbu davr mobaynida 79 444 dona avtomobil sotilgan. Ularning taxminan 28,17 foizi “Chevrolet Cobalt” va “Chevrolet Nexia” modellariga to‘g‘ri keladi. Jami 22 383 dona “UzAuto Motors” mahsuloti sotilgan. Bu esa bozorda “liderlik” degani.
Taʼkidlash kerakki, “UzAuto Motors” avtomobillari sotuvi o‘tgan 2020-yilga nisbatan 5 barobarga oshgan.
"Qozog‘istonda ushbu modellar bizning mamlakatdagiga nisbatan taxminan 1000 dollarga qimmat", – deyiladi kompaniya xabarida.
Umuman olganda, “AKAB” assotsiatsiyasi ushbu davr mobaynida yengil avtomobillarning bozordagi optimal o‘sishini taʼkidladi. 2020-yilga nisbatan o‘sish 36,3 foizni tashkil etgan.

Bundan avval “Kia Uzbekistan” “K8” sedanini sotishni boshlagani, “UzAuto Motors”ning sof foydasi qariyb 70 foizga o‘sgani hamda "Chevrolet Onix" avtomobili qachon chiqishi maʼlum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







