O‘zbekistonda barcha turdagi mehmonxonalarga sertifikat berish muddati 15 kunga qisqardi
Ariza beruvchi shartnoma bo‘yicha Markazning bank hisob raqamiga pul mablag‘larini o‘tkazgach, Markaz tomonidan komissiya tarkibi tuziladi.

So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan turizm sohasiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, soha faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, tadbirkorlik subyektlari uchun yengilliklar yaratildi.
Maʼlumot uchun: joylashtirish vositalari (mehmonxona, xostel, motel, dam olish maskanlari, mehmon uylari va b.) Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida sertifikatlashtiriladi. Mazkur jarayon Turizm va sport vazirligi tuzilmasidagi “Sport va turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Turizm va sport vazirligi axborot xizmati xabar qilishicha, ushbu ariza Markaz tomonidan bir ish kun davomida ko‘rib chiqiladi va sertifikatlashtirishni o‘tkazish yoki sertifikatlashtirish o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Shu kunning o‘zida ariza beruvchiga sertifikatlashtirish o‘tkazish to‘g‘risida shartnomani ilova qilib, uni o‘tkazish yoki sabablarini ko‘rsatgan holda sertifikatlashtirishni o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni yuboradi.
Qayd etilishicha, ariza beruvchi shartnoma bo‘yicha Markazning bank hisob raqamiga pul mablag‘larini o‘tkazgach, Markaz tomonidan komissiya tarkibi tuziladi. Komissiya Markaz rahbariyatining buyrug‘i tasdiqlangandan so‘ng besh ish kuni davomida baholashni o‘tkazishni boshlaydi. Komissiya sertifikatlashtirish obyektini normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini uch ish kuni davomida (turoperator xizmati uchun ikki ish kunidan ko‘p emas) baholaydi.
Eslatib o‘tamiz, sertifikat berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng ariza beruvchi bilan sertifikat va muvofiqlik belgisini qo‘llash huquqini berish to‘g‘risida bitim tuziladi.
Avvalroq “Keksalar turizm oyligi” munosabati bilan chegirmalar joriy qilingani, Jahon musulmonlari sayohati indeksi reytingida O‘zbekiston 16-o‘rinni egallagani, Qo‘qon Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti deb eʼlon qilingani hamda Saudiya Arabistoni sayyohlik kompaniyasi bilan uchrashuv tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.







