AQSH razvedkasi “xo‘jayini” Moskvaga nima uchun kelgan?
CNN bu haqda maʼlumot berdi.

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Bernsning Moskvaga tashrifi sababi maʼlum bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanal maʼlumotlariga ko‘ra, Berns Moskvaga Ukraina masalasini muhokama qilish uchun borgan. U Kremlning chegaradagi xatti-harakatlari Vashington tomonidan diqqat bilan kuzatilayotganini bildirgan. Shuningdek, AQSH razvedkasi rahbari Moskvaning ushbu masaladagi maqsadini bilmoqchi bo‘lgan.
Berns Rossiyaning hujumkor rejalarining oldini olishga harakat qilgan.
Bundan tashqari, MRB direktori Moskvani gazdan geosiyosiy qurol va siyosiy bosim sifatida foydalanishi mumkinligidan xavotirlarini bildirgan.
Berns Rossiya xavfsizlik idoralari rahbarlari bilan uchrashgandan so‘ng, seshanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 6ilan telefon orqali muloqot qilgan va unga Vashington doimiy ravishda Rossiya-Ukraina chegarasidagi vaziyatni kuzatib borayotganini maʼlum qilgan.
Maʼlumot o‘rnida: Uilyam Berns 3 noyabr kuni Moskvaga tashrif buyurdi. U Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin bilan uchrashuv o‘tkazgan. Rasmiy Moskva tomonlar kiberxavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash masalalarini muhokama qilganini maʼlum qilgan.
Avvalroq Vladimir Putin prezidentligining boshlang‘ich davrida Rossiyani NATOga aʼzo qilmoqchi bo‘lgani hamda Pentagon dunyo uch qutbga bo‘linib ketgani to‘g‘risida maʼlum qilgani haqida xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev







