Si Szinpin va Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuv bo‘yicha Oq uy bilan kelishuvga erishdi
Xitoy-AQSH munosabatlari va tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi XXR raisi Si Szinpin va AQSH prezident Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuv bo‘yicha Oq uy bilan kelishuvga erishilganini tasdiqladi.
“Xitoy va AQSH o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, rais Si Szinpin 16 noyabr kuni Pekin vaqti bilan ertalab AQSH prezidenti Jo Bayden bilan video aloqa orqali uchrashib, Xitoy-AQSH munosabatlari va tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashadi", — deyiladi Xitoy TIV saytida berilgan xabarda.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki AQSH va Xitoy yetakchilarining uchrashuvi 15 noyabr (Vashington vaqti bilan) kechki paytga rejalashtirilganini maʼlum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik sharoitida qanday masʼuliyat bilan harakat qilish, shuningdek, “manfaatlari to‘g‘ri kelgan hollarda” ishlashni muhokama qiladi.
Maʼlumot uchun, Pekin va Vashington o‘rtasidagi vaqt farqi 13 soat.
Eslatib o‘tamiz, Jozef Bayden va Si Szinpin telefon orqali davlatlararo munosabatlarning eng muhim nuqtalarini muhokama qilgandi.
Avvalroq Kim Chen In XXR Raisi Si Szinpinga minnatdorlik izhor etgani hamda Xitoy TIV rahbari Van I AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik.
Nasiba To‘xtayeva







