Qing‘ir ishning qiyig‘i oshkor bo‘ldi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari navbatdagi jinoyatni fosh etdi.

O‘zbekistonda rangli metallar ichki bozorini himoya qilish, ishlab chiqaruvchilarni xom-ashyo bilan taʼminlash maqsadida rangli metallar parchalari va chiqindilarini respublika hududidan tashqariga olib chiqish taqiqlangan.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Arqbuloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi qing‘irlikni fosh etdi. Yuk hujjatlarida elektr toki kuchlanishini pasaytirish uchun mo‘ljallangan “rektifikator filtri choklari” deya ko‘rsatilgan tovarlar avtomatik tarzda “qizil” yo‘lakka o‘tgan. Post xodimlari yuk egalari va xolislar ishtirokida mazkur tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositasini ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida transport vositasida “rektifikator filtri choklari” deya ko‘rsatilgan tovarlar umuman yo‘qligi, ularning o‘rniga esa og‘irligi 21,9 tonna bo‘lgan 20 dona qutida mis rangli metall parchalari borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijonda 250 million so‘mlik noqonuniy televizorlar fosh etilgani hamda Buxoroda noqonuniy freon gaz ballonlarini olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olingani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







