Yeri bor xonadonlarga davlat kredit ajratadi
Kredit 4 yillik imtiyozli davr bilan 9 yil muddatga beriladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha onlayn maslahatlar ko‘rsatuvchi maxsus platforma faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Bu imtiyozli kredit “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorining amaliy ifodasi sifatida beriladi.
Unga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi qarz mablag‘lari bosqichma-bosqich 2 foiz stavkada yo‘naltiriladi.
Tomorqa yer egalariga:
● qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, “dala do‘konlari” qurish, artezian quduqlarini qazish;
● kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik;
● poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratiladi.
2026 yil 1 yanvargacha:
— tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlarga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya beriladi;
— suv taʼminoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi amal qiladi.
Bundan tashqari, 2022 yilda suv taʼminoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun jami 113 ta tumanda 2 150 ta vertikal sug‘orish quduqlari ishga tushiriladi.
2022 yil 1 aprelgacha fuqarolar uchun mo‘ljallangan, aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini marketpleys usulida sotishni yo‘lga qo‘yadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda issiqlik taʼminotini yaxshilash uchun qariyb 1,4 milliard yevro sarflanishi kutilayotgani hamda Davlat funksiya-vakolatlarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







