Microsoft Windowsʼning maxfiy xususiyatlarini sinab ko‘rishni boshladi
Microsoft hali ularning mavjudligini rasman tan olgani yo‘q.

Microsoft endigina Windows 11 operatsion tizimi uchun yangi funksiyalarni ishga tushirishga hozirlanayotgan bir paytda, ishqibozlar OTning sir tutilgan xususiyatlarini fosh etdi.
Maʼlumot uchun: bir necha kun avval Microsoft Windows 11 uchun yangi eksperimental funksiyalarni ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida maʼlum qilgan. Biroq o‘shanda tafsilotlarni oshkor qilmagandi.
Kashf etilgan yangiliklardan biri — Windows 11 da ish stoli fon rasmlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan stikerlardir. Foydalanuvchilar odatda xabar almashish ilovalarida topiladigan stikerlarni tanlashi hamda ularni ish stoli orqali tahrirlash mumkin.
Yana bir yangilik — bu planshet rejimi. Kompaniya Windows 11'da anʼanaviy planshet rejimining ko‘p funksiyalaridan voz kechgandi. Аmmo vaziyat tez orada o‘zgarish ehtimolidan ham holi emas.
Xususan, vazifalar panelida "Qurilmani planshet sifatida ishlatishda vazifalar panelini avtomatik yashirish" nomli yangi parametr paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, sozlamalarda yangi “Ekologiyaviylik” bo‘limi mavjud, u qurilma uchun energiyani tejash va qayta ishlash imkoniyatlari bo‘yicha tavsiyalar beradi. Bu funksiyalar hozircha Windows 11 sinab ko‘ruvchilarining ko‘pida mavjud emas. Yaqin vaqtlarda keng ko‘lamli sinovlar boshlanishi kutilmoqda.
Cho‘lponoy Ahmedova







