Kannavaro Italiya klubidan taklif olsa, ketadimi? Murabbiy javob berdi
Uning fikricha, klubdagi murabbiylik faoliyatining o‘ziga xos afzalligi bor.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro kelajakda Italiya chempionatida faoliyat olib borishi mumkinligi haqida gapirdi. U A Seriya vakillaridan taklif kelsa, bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishib olishini bildirdi. Kannavaro bu haqda Sky Sport telekanalidagi «Sky Calcio Unplugged» ko‘rsatuvida ishtirok etganida ma’lum qildi.
Suhbat davomida mutaxassis klub va milliy jamoada ishlashning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtaldi. Uning fikricha, klubdagi murabbiylik faoliyatining o‘ziga xos afzalligi bor: bunda futbolchilar bilan har kuni birga bo‘lish, mashg‘ulotlar o‘tkazish va jamoani muntazam boshqarish mumkin.
Shundan so‘ng unga Italiyaning A Seriyasi klublaridan taklif kelgan taqdirda qanday qaror qabul qilishi haqida savol berildi. Kannavaro bunday holatda O‘FA bilan muzokara o‘tkazishini aytdi.








