Ilon Mask Twitterga shart qo‘ydi
Kompaniya uning shartiga rozi bo‘lsa, milliarder tarmoqni sotib oladi.

Amerikalik milliarder Ilon Mask Twitterdan kompaniyaning soxta akkauntlarni aniqlash mexanizmini oshkor qilishni talab qildi. Tadbirkorning aytishicha, agar korporasiya 100 ta akkauntni tanlab olish usuli va ularning haqiqiyligi tasdiqlanadigan mezonlar haqida gapirsa, u holda Twitterni asl shartlar asosida sotib oladi.
Mask, shuningdek, Twitter bosh direktori Parag Agravalni ijtimoiy tarmoq auditoriyasining necha foizini soxta akkauntlar tashkil etishi haqidagi ommaviy munozaraga chaqirdi.
Avvalroq tadbirkor Twitterning botlarni boshqarish uchun foydalanadigan har qanday algoritmlari ochiq bo‘lishi kerakligini aytgan edi. U ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini pulli tekshirish g‘oyasini ilgari surdi va uning maqsadi platformani soxta akkauntlarni yaratish uchun juda qimmatga tushirish ekanligini qo‘shimcha qildi.
Korporatsiya Maskning 44 milliard dollarlik taklifini 25 aprel kuni qabul qildi. Biroq may oyi o‘rtalarida tadbirkor ijtimoiy tarmoqdagi soxta akkauntlar nisbati bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritmagunicha, kelishuvda boshqa harakat bo‘lmasligini aytdi.
Delaver sudi Twitterning Maskga qarshi da’vosi bo‘yicha sud jarayoni boshlanishini 17-oktyabrga belgiladi. Jarayon besh kun ichida yakunlanishi kerak.







