Mask: Rossiyaliklar Ukrainada Starlink‘ni butunlay yo‘q qilmoqchi
Milliarder ushbu tizimning ahamiyatini tushuntirdi.

SpaceX asoschisi Ilon Mask rossiyaliklar Starlink tizimlarini yo‘q qilishga harakat qilayotganini bildirdi. Uning fikricha, tizim tez orada butunlay ishlamasligi mumkin.
Milliarder dunyodagi va frontdagi aloqa o‘rtasida katta farq borligini maʼlum qildi. Maskning so‘zlariga ko‘ra, harbiy harakatlar bo‘layotgan hududlarda telefon liniyalari, mobil aloqa ustunlari va boshqa aloqa vositalari yo‘q qilinganini taʼkidlagan.
“Starlink frontda ishlayotgan yagona aloqa vositasi, qolganlari allaqachon yo‘q qilingan. Rossiya Starlink'ni to‘xtatishga bor kuchi bilan harakat qilyapti. Ularni himoya qilish uchun SpaceX katta mablag‘ni mudofaaga yo‘naltirdi. Ammo bu vaziyatda ham tizim yo‘q qilinishi mumkin”, – deb yozgan u Twitter sahifasida.
So‘nggi vaqtlarda Starlink tizimlarining Ukrainada ishlamay qolayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bundan tashqari, SpaceX ushbu yo‘nalishni ortiq moliyalashtira olmasligini maʼlum qildi.







