O'zbekiston

OTB O‘zbekiston bilan 3,5 milliardlik loyiha imzolagan

Bank mamlakatga qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarishda yordam beradi.

OTB O‘zbekiston bilan 3,5 milliardlik loyiha imzolagan

 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot banki Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori katta direktori Norio Saito bilan uchrashdi. 

 

BMTning cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi va qurg‘oqchilikka qarshi Konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot banki bilan samarali hamkorlik o‘rnatilganini alohida taʼkidladi.

 

Maʼlumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan Markaziy hamda G‘arbiy Osiyo hududlarida amalga oshirilayotgan loyihalarning 17 foizi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakat mintaqada bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. Joriy yilda jami 3,5 milliard dollarga yaqin miqdorda 25 ta loyiha imzolangan.

 

Uchrashuv davomida shaharlarni kompleks rivojlantirish, ekologiya sohasidagi xodimlar malakasini oshirish, Yaponiyadagi chiqindini qayta ishlash sohasidagi kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

 

O‘z navbatida Norio Saito 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasining 2-bosqichini boshlash taklifini bildirdi. Shuningdek, Davlat rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi. 

 

Uchrashuv yakunida Osiyo taraqqiyot banki Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori katta direktori Norio Saito O‘zbekistonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, qurg‘oqchilik va ocharchilikka qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Qolaversa, OTB bu boradagi hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etildi. 

 

Shuningdek, Yaponiyadagi chiqindi sohasida yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish, sohada Osiyo taraqqiyot banki tomonidan investitsiyalarni olib kirish, grantlar ajratilishi hamda vazirlik va quyi tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish borasida o‘zaro hamkorlik qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi.

 

Maʼlumot uchun, 2022 yil 23 dekabrda Yaponiya Ekologiya vazirligi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangan. Memorandumga ko‘ra, tomonlar iqlim o‘zgarishi, suv va havoning ifloslanishi, chiqindilarni boshqarish sohalarida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi belgilangan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"