Uch hududda tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maʼlum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.” MCHJ masʼul shaxslari avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchasining gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir o‘tkazib, jami 2 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.B.” xususiy korxonasi rahbari A.A. “Ishtixontumangaz” hududiy bo‘limi chilangari A.J. yordamida korxonaga qarashli to‘yxonani hech qanday hujjatsiz gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, jami 231,2 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.M.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar MCHJga qarashli ehtiyot qismlar ishlab chiqarish sexidagi gaz hisoblash uskunasiga o‘rnatilgan tamg‘ani buzib, jami 236,5 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







