Endi ayollar ham katta sig‘imli avtobuslarni boshqarishi mumkin
Bu bo‘yicha Hukumat qarori muhokamaga qo‘yildi.

O‘zbekistonda ayollarga katta sig‘imli avtobuslarni boshqarishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha hukumatning tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.
Asosiy maqsad ayollarga avtotransport sohasidagi kasblarda mehnat faoliyatlarini olib borish uchun sharoitlar yaratib berish, xususan, 14 o‘rindiqdan ortiq bo‘lgan avtobuslarni boshqarish bo‘yicha amaldagi taqiqni bekor qilish, avtobuslarni haydovchi sifatida boshqarish uchun ayollarni jalb qilishdan iborat.
Bugungi kunda yo‘lovchi tashish uchun jalb qilinayotgan avtobuslar va elektrobuslar o‘zining zamonaviyligi va boshqarishda qulayligi bilan ajralib turadi. Gidravlikalik boshqarish (rul) xususiyatlari esa transport vositasini boshqarishda ayollarga ortiqcha qiyinchiliklar va jismoniy zo‘riqishlar tug‘dirmaydi.
Qaror loyihasining qabul qilinishi natijasida ayollarga avtobus haydovchisi sifatida mehnat faoliyatini olib borish uchun huquqiy asos yaratiladi, aholiga jamoat transport xizmatlari sifati va xavfsizlik darajasi ortadi.







