O'zbekiston

Endi uydirma tarqatib, tovlamachilik qiluvchilar 5 yilgacha qamaladi

Bu bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritildi.

Endi uydirma tarqatib, tovlamachilik qiluvchilar 5 yilgacha qamaladi

24-noyabr kuni Senatning qirq yettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi.

 

Taʼkidlanishicha, mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, maʼlumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

 

Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik maʼlumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda.

 

Shu bois, Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga o‘zgartirish kiritilib, sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

 

Bunda Jinoyat kodeksining 165-moddasi birinchi qismiga «mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud» degan so‘zlardan keyin «jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, olib qo‘yish yoki to‘sib qo‘yish yoxud uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib» degan so‘zlar bilan to‘ldirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"