Saida Mirziyoyeva: "Biz kelajagimizga sarmoya kiritishimiz lozim"
Toshkentda talabalar o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual olimpiadasi respublika bosqichi yakunlandi.

Toshkentda oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual olimpiadasining respublika bosqichi yakunlandi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning yozishicha, g‘oliblar o‘z mukofotlarini qo‘lga kiritdi va rivojlanish uchun jiddiy rag‘batga – stipendiyalar, xorijda amaliyot o‘tash va grantlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

“Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual olimpiadasining respublika bosqichi yakunlanib, g‘oliblar o‘z mukofotlarini qo‘lga kiritdi va rivojlanish uchun jiddiy rag‘batga — stipendiyalar, xorijda amaliyot o‘tash va grantlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Biz Prezidentimizning ilm-fan, taʼlim, intellektual salohiyat – mamlakatimiz taraqqiyotining zarur sharti ekani haqidagi siyosatiga xayrixoh bo‘lgan minglab insonlarni birlashtira oldik.
Mamlakatimizga “Zakovat” kabi tashabbuslar ko‘proq kerak. Biz kelajagimizga sarmoya kiritishimiz lozim!”, — dedi Prezident yordamchisi.
Olimpiadada 135 ta OTM ishtirok etib, shulardan eng kuchli 50 ta OTM jamoalari (550 nafar talaba) 4 kun (17-20 dekabr) davomida musobaqaning respublika bosqichida 6 ta yo‘nalishda - bellashuv olib bordi.

Marosim doirasida barcha yo‘nalishlarda g‘alaba qozongan talabalar taqdirlandi, shuningdek umumjamoa hisobida 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan OTMga prezident sovg‘asi topshirildi.









