Ilm-fan

2026-yilda sun’iy intellekt qaysi sohalarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi?

Mutaxassislar sun’iy intellektga oid 5 ta asosiy prognozini e’lon qildi.

2026-yilda sun’iy intellekt qaysi sohalarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi?

2026-yilda sun’iy intellekt (SI) sohasida yirik o‘zgarishlar va yangi bosqichlar kuzatilishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, so‘nggi yillarda AI infratuzilmasiga yo‘naltirilgan milliardlab dollarlik investitsiyalar aynan shu davrda amaliy natija bera boshlaydi, deya yozmoqda Time.

 

Ilm-fan yanada rivojlanadi

 

Kaliforniyada joylashgan Edison Scientific startapi ishlab chiqqan “Kosmos” tizimi ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish orqali yangi ilmiy xulosalar va ehtimoliy kashfiyotlarni aniqlayotgani ma’lum qilindi. Tizim ayrim mavjud ilmiy natijalarni qayta ishlab chiqish bilan birga, yangi yo‘nalishlarni ham aniqlagan. Xususan, Altsgeymer kasalligida qarigan miya hujayralarining o‘zini miya “tozalash tizimi”ga yo‘q qilish uchun signal bilan belgilashi mumkinligi haqidagi dalillar qayd etilgan.

 

Shuningdek, AQShda Genesis Mission tashabbusi doirasida sun’iy intellektdan ilm-fanni rivojlantirishda keng foydalanish rejalashtirilgan.

 

Mutaxassislar AI ilmiy jarayonlarda inson olimlariga yordam beruvchi kuchli vositaga aylanishini, biroq to‘liq mustaqil kashfiyot qilish darajasiga hali yetmaganini ta’kidlamoqda.

 

SI yordamida avtomatik xarid tizimlari kengayadi

 

2026-yilda iste’molchilar nafaqat internet saytlariga kirib, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri chat-botlar orqali xarid qilishlari mumkin bo‘lishi kutilmoqda.

 

Onlayn prognoz platformasi Metaculus ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha kamida 100 mingta tranzaksiyani amalga oshiruvchi yirik SI-xarid agenti ishga tushish ehtimoli 95 foiz deb baholanmoqda.

 

Jorj Meyson universiteti iqtisodchisi Tayler Kouenning fikricha, bu jarayon juda tez kengayadi.

 

Amazon va OpenAI allaqachon SI asosidagi avtomatik xarid tizimlarini sinovdan o‘tkazishni boshlagan. Bu esa elektron tijorat sohasida yangi bosqichni shakllantirishi kutilmoqda.

 

SI hamrohlar ommalashadi

 

Mutaxassislar 2026-yilda sun’iy intellekt bilan “hissiy va mazmunli munosabatlar” kengayishini prognoz qilmoqda. “The New Breed: How to Think About Robots” kitobi muallifi Keyt Darlingning aytishicha, odamlarning texnologiyalar bilan hissiy bog‘liqligi tobora ortmoqda.

 

Tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar mashinalarni tirik mavjudot sifatida qabul qilishga moyil bo‘lib, bu holat ongli ravishda tushunilsa ham davom etadi.

 

Replika kompaniyasi rahbari Dmitro Klochkoning fikricha, kelajakda foydalanuvchilar turli SI tizimlarini turli maqsadlarda ishlatadi: biri ish va samaradorlik uchun, boshqasi esa emotsional qo‘llab-quvvatlash uchun.

 

Siyosiy e’tibor ortadi

 

Sun’iy intellekt 2026-yilda siyosiy kun tartibida ham muhim o‘rin egallashi kutilmoqda. Mutaxassislar SI bilan bog‘liq masalalar, jumladan energiya iste’moli va ijtimoiy ta’sirlar, saylov jarayonlarida asosiy muhokama mavzularidan biriga aylanishi mumkinligini bildirmoqda.

 

Kiberxavfsizlikda yangi xavf va imkoniyatlar

 

2026-yilda sun’iy intellekt kiberhujumlar sohasida ham faol qo‘llanilishi mumkinligi qayd etilmoqda.

 

Anthropic kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyga aloqador xakerlar SI yordamida inson ishtirokisiz amalga oshirilgan birinchi keng ko‘lamli kiberhujumni uyushtirgan. Hujumlar texnologik kompaniyalar, moliyaviy institutlar, kimyo sanoati korxonalari va davlat tashkilotlariga qaratilgan.

 

CrowdStrike kompaniyasi vakili Adam Meyersning aytishicha, SI yordamida noma’lum zaifliklarni aniqlash va ulardan foydalanish keskin oshadi. Uning fikricha, sun’iy intellekt kiberxavfsizlik sohasida ham himoya, ham hujum imkoniyatlarini kuchaytiruvchi “Temir odam kostyumi”ga aylanmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"