O‘zbekiston va AQSH sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda: Sietlda forum o‘tkazildi
Forum doirasida Sietl va Toshkent o‘rtasida raqamli shahar boshqaruvi bo‘yicha tajriba almashish istiqbollari ham muhokama qilindi.

30-oktabr kuni O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Bosh konsulxona, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) tomonidan tashkil etildi.
Forumda texnologiya sohasi, universitetlar, investitsiya hamjamiyati va davlat idoralarining qariyb 60 nafar vakili qatnashdi. Ular orasida Microsoft va Meta mutaxassislari, Garvard, Vashington va Shimoli-sharq universitetlari, Sietl ma’muriyati hamda innovatsion kompaniyalar vakillari ham bor. Tadbir «Seattle AI Week» doirasida o‘tkazilib, haftalik dasturining yakuniy tadbiri bo‘ldi.
Muhokamalarda O‘zbekiston–AQSH texnologik sherikligining istiqbollari, kadrlar tayyorlash, startaplarni rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish va sun’iy intellekt yechimlarini amaliyotga joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlanish borasidagi strategik ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi. U O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamda investitsiyaviy aloqalar rivojlanib borayotganini qayd etib, Kengashning ikki mamlakat tashkilotlari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlariga to‘xtaldi.
Bosh konsul Ahror Burxonov O‘zbekistonning AQSH Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan hamkorligini mustahkamlash imkoniyatlarini ta’kidladi. Shuningdek, Bosh konsulxona mintaqadagi texnologik kompaniyalar, universitetlar va tadbirkorlik hamjamiyatlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparov milliy IT ekotizimining rivojlanishi va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Yetakchi sun’iy intellekt kompaniyalari ishtirokida yoshlarni o‘qitish, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va o‘zbek startaplarini xorijiy bozorlarga olib chiqish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
WDTA ijrochi raisi Yel Li O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni AQSHning ilg‘or innovatsion ekotizimlari bilan bog‘lovchi texnologik markaz sifatidagi salohiyatiga e’tibor qaratdi. U bilim almashish, sun’iy intellektni mas’uliyatli rivojlantirish va ma’lumotlarni himoya qilish muhimligini ta’kidladi.
Microsoft kompaniyasining dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari yo‘nalishi sobiq prezidenti, Permira katta maslahatchisi Juliya Lyuson zamonaviy sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish imkoniyatlari, ta’lim dasturlarini yangilash hamda tajriba-sinov ishlaridan amaliyotga o‘tish masalalarini muhokama qildi.
Sietl shahrining texnologiyalar bo‘yicha bosh direktori Shennon Smit esa munitsipal xizmatlarni takomillashtirish, qurilish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va yo‘l harakati xavfsizligini oshirishda sun’iy intellektdan foydalanish tajribasini taqdim etdi. Sietl va Toshkent o‘rtasida raqamli shahar boshqaruvi sohasida tajriba almashish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Panel muhokamalarida universitetlar qoshidagi inkubatorlarni rivojlantirish, startaplar uchun mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish va biznes ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Agrotexnologiyalar, suv tejovchi texnologiyalar, til xizmatlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi yechimlar ham istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Forum yakunida O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi va WDTA texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Hujjat tajriba almashish, universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston ishtirokida ta’lim tashabbuslari va sinov loyihalarini o‘rganishni nazarda tutadi. Unda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.








