Lifestyle

Dunyo yulduzlarining qo‘llarini bezab turgan nikoh uzuklarining narxi qancha?

Nikoh uzugi – oila, ikki yurak uchun qabul qilingan yagona qaror ramzi. Afsuski, bu turdagi qimmatbaho zargarlik buyumining qachon paydo bo‘lgani haqida aniq maʼlumotlar yo‘q. Tahminlarga asoslanadigan bo‘lsak, uning tarixi qadimiy Misrga borib taqaladi. Oradan qancha vaqt o‘tsada nikoh uzugi mavzusi oila qurayotgan ikki inson uchun eng muhim mavzulardan sanaladi.

Dunyo yulduzlarining qo‘llarini bezab turgan nikoh uzuklarining narxi qancha?

 

 

Top o‘ntaligimizda sevgi va sadoqat belgisi sifatida taqdim etilgan eng mashhur va qimmatbaho uzuklar bilan tanishasiz.

 

Elizabet Teylor: 8.8 million dollar

 

 

Elizabet Teylorga 33,19 qirotli olmos uzukni turmush o‘rtog‘i Richard Burton sovg‘a qilgan. Richard uni Nyu-York auksionidan 300 ming dollarga sotib olgan. Teylor uzukni muhabbat ramzi sifatida doimo taqib yurgan. Uzuk aktrisa vafotidan so‘ng, 2012 yilda Nyu-Yorkda “Diamond Elizabeth Taylor” nomi bilan kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Zargarlik buyumining bugungi narxi 8,8 million dollarga baholanmoqda.

 

 Beyonse: 5 million dollar

 

 

Taniqli R‘n‘B ijrochisi Beyonsega sovg‘a qilingan uzuk eng qimmat to‘y uzuklaridan biri hisoblanadi. Uni 2008 yilda turmush qurgani sharafiga reper Jey Zi sovg‘a qilgan. Platinadan yasalgan va 18 qirotli olmos bilan bezatilgan uzukning narxi 5 million dollarni tashkil qiladi. Qiziq joyi shundaki, xonanda uzukni kamdan-kam holatda taqib yuradi. Chunki u bunday qimmatbaho zargarlik buyumi bilan omma oldiga chiqishni  xavfli deb hisoblaydi.

 

Jennifer Lopez: 4.5 million dollar

 

 

Mashhur aktrisa Jennifer Lopez  turmush o‘rtog‘idan to‘y sovg‘asi sifatida  oq oltindan yasalgan uzuk olgan. Uning qiymati 4.5 milliion dollarni tashkil etadi. Uzukning o‘rtasiga og‘irligi 15 qirotli olmos o‘rnatilgan. Qimmatbaho zargarlik buyumlari mutaxassisi Ketrin Pul bu ajoyib sovg‘ani 4.5 million dollarga baholagan. Maʼlumot o‘rnida, ayni damda Jennifer ajrashgan va aktyor Ben Afflek bilan oila qurish arafasida. 

 

Greys Kelli: 4.5 million dollar

 

 

XX asr o‘rtalarida ijod qilgan amerikalik aktrisa Greys Kelliga ushbu noyob, shaffof olmos bilan bezatilgan uzukni Shahzoda Renye III nikoh to‘yi munosabati bilan sovg‘a qilgan. Uzukning qiroti 10,47 ni tashkil qiladi. Nikoh uzugi hozirda 4,3 million dollarga baholanmoqda.

 

Melaniya Tramp: 3 million dollar

 

 

AQSH sobiq Prezidenti Donald Trampning rafiqasi Melaniya Tramp 25 qirotli olmos uzukning sohibasidir. Donald Tramp qiymati taxminan 3 million dollarlik ushbu uzukni rafiqasiga to‘yining 10 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilgan.

 

Merayya Keri: 2.5 million dollar

 

 

Amerikalik taniqli xonanda va aktrisa Merayya Keriga 35 qirotli oq olmosli bejirim uzukni sobiq turmush o‘rtog‘i Jeyms Paker sovg‘a qilgan.  Biroq ko‘p o‘tmay to‘y to‘xtatilgan. Shunga qaramay uzuk Merayyada qolgan. Ammo qo‘shiqchi qimmatbaho sovg‘ani tan narxidan deyarli 5 baravar arzonga, yaʼni 2.5 million dollarga sotib yuboradi.

 

Jaklin Kennedi-Onassis:| 2.6million dollar

 

 

Jaklinning ikkinchi turmush o‘rtog‘i yuk tashuvchi magnat Aristotel Onassis edi. U Kennedi xonimga 2,6 million dollarlik uzuk sovg‘a qilgan. Uzuk olmos va zumraddan yasalgan. Jaklin uzukni kamdan-kam hollarda taqardi.  

 

Jaklinning baʼzi zargarlik buyumlari hozirda Kennedi muzeyida saqlanmoqda. Biroq 2,6 million dollarlik uzukning taqdiri hozirgacha nomaʼlum.

 

Bleyk Layvli: 2.5million dollar

 

 

Bleyk Layvli bilan Rayan Reynolds 2011 yilda film suratga olish maydonchasida uchrashgan. Tanishuvdan 11 oy o‘tib ular turmush quradi. Rayan  rafiqasiga oval shaklida pushti oltindan yasalgan, 12 qirotli olmos bilan bezatilgan uzuk sovg‘a qiladi. Uning narxi 2.5 million dollarni tashkil etadi.

 

Peris Hilton: 2 million dollar

 

 

Qishki taʼtil kunlarining birida iqtidorli aktyor Kris Zilka taniqli Peris Hiltonga turmush qurish taklifini beradi. Oila uzoqqa bormadi. Ajrimdan so‘ng, matbuotda 22 qirotli tomchi shaklidagi olmosli uzukni Hiltonning o‘zi 2 million dollarga sotib olgani haqida mish-mishlar tarqalgan.

 

Ketrin Zeta-Jons: 2 million dollar

 

 

 Britaniyalik taniqli aktrisa Ketrin Zeta-Jons to‘y sovg‘asi sifatida turmush o‘rtog‘idan 2 million dollarlik uzuk olgan. 10 qirotli olmos 28 ta kichik toshlar bilan bezatilgan. Ular 19 yillik turmush davomida ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdi, hatto ajraldi ham, lekin Maykl va Ketrin oilani  saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

 

 

Ozoda Choriyeva tayyorladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"