Misrda 70 ta futbol maydoniga teng ulkan muzey ochildi
U yerda 100 mingdan ortiq arxeologik artefaktlar namoyishga qo‘yilgan.

Misrda so‘nggi o‘n yilliklarda amalga oshirilgan eng yirik madaniy loyiha — yangi ulkan muzey o‘z eshiklarini ochdi. Muzey Qohira shahri chetida, Giza ehromlari yaqinida joylashgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 500 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu hudud taxminan 70 ta standart futbol maydoni bilan tenglashtiriladi.
Muzeyda Misr tarixining yetti ming yillik davrini qamrab olgan 100 mingdan ortiq arxeologik artefaktlar namoyishga qo‘yilgan. Ekspozitsiyada firʼavnlar davri, yunon va rim hukmronligi hamda keyingi tarixiy bosqichlarga oid noyob ashyolar o‘rin olgan.
Doimiy ko‘rgazmaning eng muhim qismi — Tutanxamon maqbarasidan topilgan 5 000 dan ortiq eksponatlar to‘plami. Ular orasida firʼavnga tegishli mashhur oltin sarkofag ham bor. Mazkur ashyolarning aksariyati ilk bor omma eʼtiboriga to‘liq tarzda taqdim etilmoqda.
Muzeyning ochilishi Misrda turizmni rivojlantirish va milliy merosni global miqyosda targ‘ib qilishda muhim voqea sifatida baholanmoqda.







