- Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavotchilikning aylanma mablag‘lari uchun 700 milliard so‘m ajratiladi;
- aholiga berilgan yerlarda ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va texnika yetkazib berish uchun jami 500 milliard so‘m beriladi.
1 apreldan 130 million dollar mablag‘ banklar ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi. Bunda bank ustamasi bo‘lmaydi va tadbirkor bozorga qaraganda ancha arzon kredit olish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu mablag‘lar mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va xarid qilish, texnika sotib olish uchun 10 yilgacha 14 foizdan ajratiladi.
Shu bilan birga, intensiv bog‘ va tokzorlar, logistika obyektlari tayyor qurilib, tadbirkorlarga lizingga beriladi. Endi, tadbirkor 20 foizini oldindan to‘laydi, qolgan 80 foizini 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘laydi.
Bunda tadbirkorlar o‘z loyihalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligining shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Vazirlik loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi moliyalashtiradi.
Oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirish uchun shu yilning o‘zida 6,2 trillion so‘m yangicha mexanizmlar asosida ajratiladi.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida 15 ming gektar, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida 10 ming gektardan, Qoraqalpog‘istonda, Andijon, Namangan, Navoiy, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlarida 5 ming gektardan aholi yashash joylariga yaqin lalmi va yaylov maydonni o‘zlashtirib, pilla klasterlarini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Bu yerlar Vyetnam tajribasi asosida aholiga 1-2 gektardan ham tut, ham oziq-ovqat ekish uchun beriladi.
Shuningdek, Oltinsoy, Sho‘rchi, Konimex, Nurota, Muborak, G‘uzor, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Forish, Tuproqqalʼa tumanlarida aholi yashash joylariga yaqin 10 ming gektardan lalmi va yaylov maydonda jun klasterlarini tashkil qilish topshirildi.


