Eng dolzarb

18 million ukrainalik insonparvarlik yordamiga muhtoj — BMT

 

Ukrainada 18 millionga yaqin odam gumanitar yordamga muhtoj va qish yaqinlashgani sari vaziyat yana-da yomonlashadi. Bu haqda BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha boshqarmasi muvofiqlashtirish bo‘yicha direktori Ramesh Rajasingxam maʼlum qildi.

 

Rajasingxamning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush fonida "Ukrainaning yordamga bo‘lgan ulkan ehtiyojini unutmaslik" muhim.

 

"Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaning muhim infratuzilmasiga yetkazgan keng ko‘lamli zarari fuqarolarning elektr, issiqlik, suv va aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklanganini anglatadi", — dedi Rajasingxam

 

BMT boshqarmasi direktorining qo‘shimcha qilishicha, Ukraina aholisining 40 foizi gumanitar yordamga bog‘liq. Bu qishda kutilayotgan qattiq sovuq hisobga olinsa, vaziyat o‘ta xavotirli.

 

Tashkilot, ayniqsa, Rossiya tomonidan egallab olingan Donesk, Luhansk, Zaporojye va Xerson viloyatlaridagi qariyb 4 million aholining ahvoliga eʼtibor qaratdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining idorasi ishg‘ol ostidagi «mahalliy xalq bilan to‘liq aloqa o‘rnata olmayapti», deya tushuntirdi Rajasingxam

 

Bir kun oldin haftalik Time jurnali Ukrainada prezident Vladimir Zelenskiy jamoasidagi vaziyatni baholashga bag‘ishlangan maqola chop etdi. Ukraina infratuzilmasini qishki sovuqqa tayyorlash uchun masʼul bo‘lgan uch yuqori martabali amaldor Time nashriga kelgusi qishda elektr taʼminotidagi uzilishlar o‘tgan yilgidan ham yomonroq bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Oxirgi voqealar

Hammasini ko'rsatish