O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan yangi prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori darajasida rag‘batlantiriladi. Shuningdek, “Eng yaxshi shifokor”, “Eng yaxshi poliklinika” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilib, g‘oliblarga pul mukofotlari va xorijda malaka oshirish imkoniyatlari taqdim etiladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bayram va dam olish kunlarida navbatchilik asosida uzluksiz xizmat ta’minlanadi. Bu o‘zgarish tibbiyot xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash va ortiqcha yuklamani kamaytirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari mamlakatdagi oliygohlarda bakalavriat uchun kontrakt to‘lovlarining 30 foizigacha davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, yiliga 500 nafar tajribali tibbiyot xodimining uy-joy xaridi uchun boshlang‘ich to‘lovining 25 foizi ipoteka orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.
Bundan tashqari, tibbiyot xodimlariga bir qator qo‘shimcha imtiyozlar belgilanadi. Ular orasida yiliga bir marotaba bepul yuqori texnologik tibbiy xizmatdan foydalanish, sanatoriyga bepul yo‘llanma olish, ilmiy maqola chop etish xarajatlarini to‘liq qoplash hamda davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni ikki baravar kamaytirish kabi imkoniyatlar bor.


