Avstraliyalik 34 yoshli Oliviya Vinson 24 soat ichida 7079 marta turnikda tortilib, Ginnes rekordini o‘rnatdi. Bu avvalgi — 2021-yilda polshalik Paula Gorloga tegishli bo‘lgan 4081 tortilishlik natijani ortda qoldirdi.
Rekord g‘oyasini unga eri va murabbiyi taklif qilgan. Dastlab bu imkonsizdek tuyulgani aytiladi. U 2024-yil sentyabrida birinchi bor urinib ko‘rgan, biroq jarohat olib, to‘xtashga majbur bo‘lgan. Ikki oy tiklanish va qo‘shimcha mashg‘ulotlardan so‘ng, ikkinchi urinishda muvaffaqiyatga erishgan.
Vinson 19-soatlardan so‘ng o‘zini yomon his qila boshlagan, ammo bardosh bergan. U: “Tanam ko‘tara oladimi deb qo‘rqdim, lekin imkonsiz deb bilgan narsamga erishdim”, deya fikr bildirgan.


