Ijtimoiy tarmoqlarda nihoyasiga yetgan yilning so‘nggi kunida foydalanishga topshirilgan Samarqand shahridagi yerosti yo‘li devorlaridan kuchli yomg‘ir oqibatida ko‘p miqdorda suv sizib kirayotgani aks etgan videotasvir tarqaldi.
Shahar hokimligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Ibn Sino va Rudakiy ko‘chalari chorrahasida bunyod etilgan yerosti o‘tish yo‘li uchun 143 milliard so‘m sarflangan.
Shahar yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, aholi va sayyohlar uchun qulaylik yaratish, transport qatnovi xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash maqsadida 143 milliard so‘mlik tunnel – yo‘l o‘tkazgich va Bo‘stonsaroy ko‘chasining Siyob kanali ustidagi yo‘l 68 milliard so‘m mablag‘ hisobiga rekonstruksiya qilindi.
Mazkur tunnel ochilish marosimidan televideniye uchun tayyorlagan lavhada jurnalistning ta’kidlashicha, obyekt 3 yil davomida qurib bitkazilishi kerak bo‘lgan. Ammo yo‘l 1,5 yilda bitkazilgan va foydalanishga topshirilgan.
Qurilish obyektining parametrlari quyidagicha:
– yo‘l o‘tkazgich uzunligi 1 km;
– balandligi 5,8 metr;
– kengligi 26,4 metr;
– yopiq qismining uzunligi 120 metr.
Gidrometeorolog tadqiqotchi Erkin Abdulahatov mazkur mavzuga e’tibor qaratib, buyurtmachi va quruvchilar qarata o‘rinli savol qo‘ymoqda:
“Xo‘sh, loyihada hududda kuzatilgan yog‘inlarni xavfsiz va talofatsiz o‘tkazib yuboruvchi drenajlarni qurishda qanday yog‘in miqdori inobatga olingan? O‘zi umuman, qurilish loyihasida tabiiy omil ta’sirlari e’tiborga olinganmi?
Hisobga olingan bo‘lsa, nega yangi obyekt devorlaridan suv sizib chiqmoqda? Bahor-yozgi sel-suv toshqin keltirib chiqaradigan haqiqiy intensiv yog‘inlar davrida nima bo‘ladi?”
Shuningdek, u Samarqand kuzatuv meteorologik stansiyasi faoliyati haqida ham to‘xtalib, quruvchi tashkilotlar nega bu kuzatuv stansiyasi ma’lumotlaridan unumli foydalanmaganini tanqid ostiga oladi.
Tadqiqotchining qo‘shimcha qilishicha, Samarqand kuzatuv meteorologik stansiyasi o‘z ish faoliyatini boshlaganiga bir asrdan oshgan. Yillar davomida ob-havo bilan bog‘liq ma’lumotlar shu kabi qurilish obyektlarini barpo etish uchun to‘planganini ham ma’lum qilgan.
Ko‘prikqurilish tresti esa ushbu holatga quyidagicha izoh beradi:
“Tunnel devorlariga o‘rnatilgan plitalar quruq montaj usulida ishlangan, suv o‘tishi yo‘l o‘tkazgichning konstruktiv elementlari mustahkamligiga salbiy ta’sir etmaydi”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiq daryosi ustiga yangi ko‘prik qurilgani hamda Yakkasaroy va Sergeli tumanlarida qurilgan yangi yo‘llar bugundan ochilishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


