Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tuman sudida fuqarolik jamiyatiga qarshi qaratilgan axborotlarni tarqatish bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha hukm o‘qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, fuqaro U.A 2019-yilda o‘ziga tegishli telefonida o‘rnatilgan “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘ida “Ulug‘bek Almardanov” nomidagi akkaunti orqali diniy mazmundagi kontentni tarqalishiga sababchi bo‘lgan.
Aniqlanishicha, u mazkur platformada joylashtirilgan, “Abdulloh domla” nomi bilan tanilgan Abdug‘ani Umarovning “Jannatga oshiq” deb nomlangan ma’ruzasiga “layk” (“klass”) bosib, shu orqali uni virtual do‘stlari orasida kengroq tarqalishiga sabab bo‘lgan. Mutaxassislar ushbu ma’ruzada aqidaparastlik g‘oyalari mavjudligini qayd etishgan.
Uning harakatlari Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (“Diniy-ekstremistik, separatistik, fundamentalistik va terrorchilikka oid materiallarni tarqatish”) bo‘yicha jinoyat deb topildi.
Qumqo‘rg‘on tuman sudi 2025-yil 1-iyuldagi hukmiga asosan, Almardanov aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Sud hukmida qayd etilishicha, jinoyat og‘ir turkumga mansub bo‘lsa-da, Almardanovning yoshi, shaxsiy ahvoli va boshqa yengillashtiruvchi holatlar hisobga olinib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi tatbiq etilib, belgilangan jazo muddati sanksiyada ko‘rsatilganidan ancha yengil shaklda tayinlangan.


