Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yo‘lovchi tashuvchi avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
Viloyat YHXB bergan ma’lumotga ko‘ra, hodisa 23-sentabr kuni soat 10:00 atrofida D-086 “Marg‘ilon sh.–Ulug‘nor” avtomobil yo‘lining 18-kilometrida sodir bo‘lgan. 1979-yilda tug‘ilgan Q.M. boshqaruvidagi “Dongfeng” rusumli avtomobil yo‘lda harakatlanayotganda oraliq masofani saqlamagan va ruxsat etilgan qismdan qayrilayotgan “Isuzu” avtobusiga borib urilgan.
To‘qnashuv oqibatida avtobus yo‘lning qatnov qismiga ag‘darilgan. Transport vositasida yo‘lovchilar bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan biri jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


