AQSh Davlat departamenti 75 mamlakat fuqarolari uchun immigratsion vizalarni rasmiylashtirishni to‘xtatmoqda. Bu haqda Fox News telekanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror ariza beruvchilar ustidan nazoratni kuchaytirish va immigratsiya jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish doirasida qabul qilingan. Yangi tartib 21-yanvardan kuchga kiradi va Davlat departamenti viza berish mexanizmlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqmaguncha muddatsiz amal qiladi.
Fox News ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar qo‘llaniladigan davlatlar ro‘yxatiga Rossiya, Afg‘oniston, Braziliya, Misr, Eron, Iroq, Yaman, Nigeriya, Somali va Tailand kirgan. Shuningdek, Markaziy Osiyodan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan.
AQSh Davlat departamenti vakili Tommi Piggottning ta’kidlashicha, mazkur choralar ijtimoiy ta’minot va davlat nafaqalaridan foydalanishi mumkin bo‘lgan xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirishini cheklashga qaratilgan. Shu sababli immigratsiya tartib-qoidalari qayta ko‘rib chiqilayotgan davrda vizalar berilishi vaqtincha to‘xtatiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil dekabr oyi oxirida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi “Diversity Visa” (yashil karta) dasturi doirasida vizalar berilishi to‘xtatilganini e’lon qilgan edi. Davlat departamenti mazkur dastur bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilishini davom ettirgan bo‘lsa-da, immigratsion vizalar berilishi vaqtincha to‘xtatilgan.


