Germaniya vitse-kansleri Lars Klingbayl AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati davrida Yevropa va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi transatlantik munosabatlar jiddiy sinovga duch kelayotganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, anʼanaviy ittifoqchilar o‘rtasidagi ishonch tobora susayib bormoqda. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Klingbayl 14 yanvar kuni Berlinda so‘zlagan nutqida “biz bilgan transatlantik munosabatlar hozirda parchalanmoqda” deya taʼkidladi. U ushbu fikrga yaqin kunlarda Vashingtonga qilgan tashrifi chog‘ida yana-da ishonch hosil qilganini bildirdi.
vitse-kansler bu holatga bir qator omillar sabab bo‘layotganini qayd etdi. Jumladan, AQSHning Venesuelada amalga oshirgan harbiy harakatlari xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanini, shuningdek, Tramp maʼmuriyatining Lotin Amerikasi davlatlariga nisbatan tahdidli bayonotlari xavotir uyg‘otayotganini aytdi. Shu bilan birga, Grenlandiya masalasi va Yevropaga oid keskin bayonotlar ham ishonchga putur yetkazayotgani qayd etildi.
Klingbaylning taʼkidlashicha, Germaniya va AQSHni uzoq yillar davomida erkin savdo va ochiq bozorlar birlashtirib kelgan. Biroq hozirgi sharoitda Yevropa qoidalarga asoslangan savdo tizimini himoya qilishda mustaqil harakat qilishga tayyor bo‘lishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa o‘z manfaatlarini himoya qilishda hatto AQSH ishtirokisiz ham qatʼiy pozitsiyani saqlab qoladi.


