15 sentyabr kuni AQSH Qurolli kuchlari giyohvand moddalar tashiyotgani gumon qilingan Venesuela kemasiga zarba berdi. Bu haqda Prezident Donald Tramp maʼlum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, zarba kema xalqaro suvlarda, AQSH tomon harakatlanayotgan vaqtda amalga oshirilgan. Hujum natijasida kemada bo‘lgan uch nafar erkak halok bo‘lgan.
AQSH prezidenti bu voqeani “shafqatsiz narkokartellar va narkoterrorchilarga qarshi ikkinchi zarba” deb baholadi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar tomonidan venesuelalik narkokartellarga tegishli kemaga qarshi birinchi hujum sentyabr oyi boshida Karib dengizining janubiy qismida amalga oshirilgan.


