AQShning Texas shtatida yengil samolyot halokatga uchradi. Hodisa Fort-Uert shahri yaqinidagi Xiks aeroporti hududida sodir bo‘lgan. Bu haqda Fox 4 News nashri shahar o‘t o‘chirish boshqarmasiga tayanib xabar berdi.
Aniqlanishicha, samolyot sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yurituvchi Mobile EHR kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. U to‘qqiz nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokat oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.
Qutqaruv xizmatlari ma’lum qilishicha, samolyot Tarrant okrugi hududidagi Business 287 avtomobil yo‘li yaqinida yerga qulagan.
Hodisa yuzasidan Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) va Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) tomonidan tergov boshlangan. Hozircha jarohatlanganlar soni va halokat sabablari to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.


