Pokiston Islom Respublikasi Afg‘oniston bilan chegaradagi keskin vaziyat fonida o‘z harbiy kuchlarini yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirdi. Reuters agentligi Pokiston xavfsizlik manbalariga tayanib xabar berishicha, ikki davlat o‘rtasidagi 2600 kilometr uzunlikdagi chegara chizig‘idagi barcha o‘tish punktlari vaqtincha yopilgan, transchegaraviy savdo esa to‘xtatilgan.
Ma’lum qilinishicha, bu qaror o‘tgan hafta oxirida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng qabul qilingan.
Afg‘oniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Enayatulloh Xovarazmiy esa vaziyatni izohlarkan, “Pokiston tomoni Afg‘oniston hududiy yaxlitligini yana buzishga urinsa, bizning qurolli kuchlarimiz qat’iy javob qaytarishga tayyor”, — deya bayonot berdi.
Avvalroq, 11-oktabr kuni Afg‘onistonning Hilmand viloyatida o‘t almashinuvi boshlangan, so‘ngra Afg‘oniston havo kuchlari Pokistonning Lahor shahriga zarba bergani haqida xabarlar tarqalgan edi. TOLO News ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuvlarda kamida 58 nafar Pokiston askari halok bo‘lgan.
Islomobod esa o‘z navbatida 200 nafar jangari yo‘q qilingani, 19 ta terror obyekti nishonga olingani va Afg‘onistonda Pokistonga hujum uyushtirgan ekstremistlarga yordam ko‘rsatgan tank batalyoni shtabiga zarba berilganini ma’lum qildi.


