Bugun, 13-oktabr Misrning Sharm al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tadigan Tinchlik sammitida G‘azo sektoridagi mojaroni yakunlashga qaratilgan muhim hujjat imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Agence France-Presse diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSh, Misr, Qatar va ehtimol Turkiya ushbu kelishuvning kafillari sifatida ishtirok etadi. Sammitga 20 dan ortiq davlat rahbarlari tashrif buyuradi. Tadbirga Misr prezidenti Abdel Fattoh as-Sisiy va AQSh prezidenti Donald Tramp hamraislik qiladi.
Manbaga ko‘ra, kelishuv G‘azoda tinchlik jarayonini yo‘lga qo‘yish, garovga olinganlarni ozod qilish va gumanitar yordamni kengaytirish choralarini o‘z ichiga oladi.
Shu bilan bir paytda, Isroil hukumati ham “Hamas” bilan G‘azo kelishuvi doirasida garovga olinganlarni ozod qilish jarayonini boshlashini ma’lum qildi.
Isroil hukumatining rasmiy vakili Shosh Bedrosyanning so‘zlariga ko‘ra, qolgan 20 nafar garovga olinganlar Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirilishi rejalashtirilgan. Ularni olti yoki sakkizta mashinada yetkazish ko‘zda tutilgan.
“Falastinlik mahbuslar garovga olinganlar Isroilga qaytganidan so‘ng ozod qilinadi”, — dedi hukumat vakili.
Mazkur kelishuv G‘azo sektoridagi mojaro boshlanganidan beri eng muhim diplomatik siljish sifatida baholanmoqda.


