1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Biz G‘arb va Isroil bilan urush holatidamiz — Eron prezidenti

Masud Pezeshkian Eronga nisbatan bosim va sanksiyalar kuchayganini ta’kidladi.

Biz G‘arb va Isroil bilan urush holatidamiz — Eron prezidenti

 

Eron prezidenti Masud Pezeshkian Eron hozirda G‘arb davlatlari, jumladan AQSh, Isroil va Yevropa bilan urush holatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u shanba kuni Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy rasmiy veb-saytiga bergan intervyusida bayonot berdi.

 

Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur davlatlar Eronning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy barqarorlashuviga to‘sqinlik qilishni maqsad qilgan. “Biz Amerika, Isroil va Yevropa bilan to‘laqonli qarama-qarshilikdamiz. Ular mamlakatimizning oyoqqa turishini istamayapti”, — dedi Pezeshkian.

 

Mazkur bayonot Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning yaqin kunlarda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Eron masalasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazish uchun Qo‘shma Shtatlarga tashrif buyurishi fonida yangradi.

 

Eslatib o‘tilishicha, Tramp joriy yil iyun oyida Eronning uchta yadroviy obyektiga zarba berish to‘g‘risida buyruq bergan. Ushbu harbiy harakatlar Eron va Isroil o‘rtasida qariyb ikki hafta davom etgan qurolli mojaroning keskinlashuviga sabab bo‘lgan. Keyinchalik ushbu to‘qnashuv “12 kunlik urush” nomi bilan atalib, iyun oyi oxirida sulh tuzilishi bilan yakunlangan.

 

Pezeshkianning aytishicha, Donald Tramp yanvar oyida Oq uyga qaytganidan so‘ng Eronka nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish siyosati qayta faollashgan va bu mojaro hanuz yakuniga yetmaganini ko‘rsatadi.

 

“Biz har tomonlama bosim ostidamiz. Savdo aloqalari cheklanmoqda, iqtisodiy almashinuvlar to‘silmoqda, bir vaqtning o‘zida esa jamiyat ichidagi talablar ortib bormoqda. Bu holat turmush tarzi, madaniyat, siyosat va xavfsizlik sohalarida muammolarni yuzaga keltirmoqda”, — dedi Eron prezidenti.

 

Uning ta’kidlashicha, mavjud vaziyatda mamlakatni barqarorlashtirish uchun barcha kuchlarni safarbar etish zarur.

 

Mazkur bayonotlarga nisbatan Oq uy va Isroil elchixonasi hozircha rasmiy izoh bermagan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика