1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Salomatlik

Bolaning bo‘yi nega o‘smaydi?

Ushbu muammo yosh organizmda gormonal o‘zgarishlar sodir bo‘layotganidan darak.

Bolaning bo‘yi nega o‘smaydi?

Har bir ota-ona uchun farzandining sog‘lom ulg‘ayishi juda muhim. Biroq bolaning bo‘yi o‘smasligi ko‘p hollarda tashvishli vaziyatlarga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, bu holatda qanday yo‘l tutish kerak? Qaysi choralarni qo‘llash muammoga yechim bo‘la oladi?

 

 

— Bolaning bo‘yi tengqurlariga nisbatan pastligi uning ruhiy holatiga salbiy taʼsir qilib, o‘g‘il-qizlarda sal narsadan asabiylashish va tengdoshlari orasida o‘zini nuqsonli deb bilishiga sabab bo‘ladi, — deydi mutaxassis. — Qolaversa, ushbu muammo yosh organizmda gormonal o‘zgarishlar sodir bo‘layotganidan darak. Shu bois bu holatga eʼtiborsiz qarash to‘g‘ri emas.

 

Aslida bolada bo‘yi o‘smasligining sabab va omillari ko‘p. Birinchi navbatda, o‘sishdan to‘xtash irsiyat bilan bog‘liq. Shuningdek, organizmdagi ayrim gormonlarning ko‘p yoki kamligi ham bunga taʼsir qiladi. Yaʼni endokrin tizimdagi turli izdan chiqishlar bo‘y o‘sishida turli patologiyalarni keltirib chiqaradi.

 

Xususan, gipofiz, qalqonsimon va buyrak usti bezlarida yetiladigan gormonlar o‘sish gormonlari deyiladi. Shunisi qiziqki, o‘sish gormonlari bola uxlaganda ishlab chiqariladi. Demak, meʼyorida uxlagan farzand yaxshi rivojlanadi. Baʼzida buyrak, yurak, o‘pka va hazm aʼzolaridagi surunkali kasalliklar ham bo‘y o‘sishini to‘xtatishi mumkin.

 

Qolaversa, organizmda parazitlar bo‘lsa ham bu borada muammolar yuzaga keladi. Yana bir omil — ruhiyat bilan bog‘liq bo‘lib, farzandga mehr yetishmasligi unda o‘sish gormonlari ishlab chiqarilishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, onaning homiladorlik davridagi ovqatlanishi, boshdan kechirgan stress va kasalliklari ham asosiy sabablardan biri.

 

Bolada bo‘yi o‘smasligi, asosan, 4 yoshdan keyin namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha ota-onalar farzandi maktabga chiqqach, tengqurlari orasida uning bo‘yi pastligini sezib qolishadi. Ammo shunda ham bunga yetarlicha eʼtibor bermaydi. Oqibatda bu holat o‘smirlik davriga kelib yana-da jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

 

Shu bois ota-onalar farzandining bo‘yi o‘smayotganligini sezgach, darhol shifokor-endokrinologga murojaat qilishi va farzandi to‘laqonli tekshiruvlardan o‘tishi lozim.

 

Dastlab shifokor UTT hamda qonda gormonlar nisbatini aniqlaydi. Shundan so‘ng rentgenografiya yordamida bilak suyaklari tekshiriladi. Bu usul orqali bolaning suyaklari o‘sish hududidami yoki yo‘qligini bilish mumkin.

 

Zarurat tug‘ilsa, bo‘y hamda vazn o‘lchami, bosh sohasining tomografiya tekshiruvi, qo‘l kafti rentgeni, qondagi gormon miqdori, jigar faoliyati, gijjalar tekshiruvi va genetik xastalikka gumon qilinganida genetik mutaxassis tomonidan alohida qon tahlili olinadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика