Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotiga ko‘ra, dunyoda vabo kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yomonlashmoqda.
Xususan, 2024 yilda bu xastalikni yuqtirish holatlari 2023 yildagiga nisbatan 5 foizga, o‘lim ko‘satkichlari esa 50 foizga ortgan. Yaʼni o‘tgan yili 6000 nafardan ortiq odam vabo qurboniga aylangan.
Qolaversa, 2024 yili epidemiya o‘choqlari aniqlangan mamlakatlar soni 60 taga yetgan. Bu ham undan avvalgi yildagiga nisbatan 15 ta ko‘p ko‘rsatkich.
Yuqori o‘sish holatlari qayd etilgan hududlar ro‘yxatida Afrika, Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari davlatlari yetakchilik qilmoqda. Kasallik qurbonlarining to‘rtdan bir qismi tibbiyot muassasalariga bormasdan vafot etgan.
Xavotirli jihati, 2025 yilda ham global vabo inqirozi davom etmoqda: yil boshidan buyon 31 mamlakatda kasallik tarqalishi qayd etilgani buning tasdig‘i.
Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlar, donorlar va mahalliy hamjamiyatlarni vaboga qarshi hamjihatlikda kurashishga chaqirdi. Buning uchun, avvalo, aholini xavfsiz ichimlik suvi va gigiyena vositalari bilan taʼminlash zarur.
Binobarin, o‘tgan yil boshida vaboga qarshi yangi innovatsion vaksina (OCV) tasdiqdan o‘tgan. Biroq uni xastalik o‘choqlariga yetkazib berish surʼati talab darajasida emas.
O‘z navbatida, samarali epidemiologik nazorat va tezkor diagnostika vaboni jilovlashda katta natija berishi mumkin.


