Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Tojikiston Prezidentini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik faoliyati natijalari bilan samimiy tabriklab, “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi bo‘lajak uchrashuv hamda MDH sammitining muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Savdo hajmi, yuk tashish ko‘rsatkichlari hamda aviqatnovlar soni ortib borayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda o‘zaro savdoni yanada kengaytirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, faol madaniy-gumanitar aloqalar va hududlararo hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, jumladan, joriy yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.


