O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6–7-oktyabr kunlari ushbu mamlakatga amaliy tashrif bilan boradi.
Tashrif doirasida davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Ushbu sammit “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida o‘tkazilib, unda tashkilot doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Yig‘ilishda siyosat, savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar.
Sammit yakunida tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator qo‘shma qaror va hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.


