7-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
Suhbat chog‘ida oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Muloqot davomida madaniy-gumanitar aloqalarning faolligi va bu boradagi ijobiy sur’atlar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, yaqin kelajakda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar jadvalini ham ko‘rib chiqdilar.


