O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Kirill Altmanning Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida davlat ekologiyani himoya qilish uchun qanday safarbarlik ishlarini tashkil etgani haqida gapirdi. Barqaror samaraga erishish faqat kundalik odatlar o‘zgarganidagina — ham fuqarolar, ham biznes tomonidan — mumkin bo‘ladi, dedi u.
“Bu — natijasi darhol ko‘rinmaydigan loyihalar”
O‘z mas’uliyat doirasiga kiruvchi ijtimoiy loyihalar va ularning samaradorligini qanday baholashi haqidagi savolga javob berarkan, Saida Mirziyoyeva tashabbuslarning aksariyati uzoq muddatli ekanini qayd etdi.
“Men barcha loyihalarimni kuzatib boraman, lekin ko‘p loyihalarim juda uzoq muddatli. Aytaylik, ta’lim, tibbiyot — bular shunday loyihalarki, natijasini bugun yoki ertaga qo‘l bilan ushlab, ko‘rib bo‘lmaydi. Bunga yillar kerak”, — dedi u.
Ekologiya sohasidagi tashabbuslar ham shunday loyihalar sirasiga kiradi. Poytaxtdagi noqulay ekologik vaziyat jamiyatda yillar davomida muhokama qilib kelingan. Noyabr oyi oxirida prezident havo sifatini yaxshilash bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar majmuini tasdiqlagandi.
“Biz barcha imkoniyatlarni safarbar qildik. Bizga nima kerak bo‘lsa, prezidentdan „dobro“ oldik. O‘sha oqshomning o‘zidayoq u kishi qo‘llab-quvvatladi. Biz shunchaki ekologiyani eng muhim masalaga aylantirdik, barcha kuchlarni safarbar etdik va hammasini qat’iy nazoratga oldik. Esingizda bo‘lsa, reydlar va shunga o‘xshash tadbirlar bo‘ldi. Nazarimda, bularning bari shunday tezkor natijalarga olib keldi”, — dedi Mirziyoyeva.
Ekologiya mavzusiga shaxsiy munosabati haqida gapirarkan, Saida Mirziyoyeva kundalik hayotdan misol keltirib, uning uyida havo sovib ketganda ham isitish tizimi balandlatilmasligini aytdi.
“Biz uy issiq bo‘lishi kerak deb o‘rganib qolganmiz, aslida esa 21−23 daraja — bu ajoyib, eng maqbul harorat. Barcha shifokorlar shuni tavsiya qiladi. Bolalar ham chiniqadi”, — deya qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
Uning aytishicha, Yevropada hamma joyda odamlar uyda qalinroq kiyinib yuradi.
Intervyu davomida u Germaniyada bo‘lgani va u yerda yo‘laklar, poyezdlar umuman isitilmasligi haqida so‘z ochdi.
Shu bilan birga Janubiy Koreyada bo‘lgani va u yer ham dahshatli sovuq ekani, lekin madaniyat shunday ekanligi haqida ham gapirdi.
Uning aytishicha, biz ham shu madaniyatga kelishimiz kerak.
“Men o‘zimdan, farzandlarimdan boshladim. Bizda hammasi uyimdan boshlanadi. Tajriba quyonchalari. Hammalari onalari islohotchi ekaniga o‘rganib bo‘lgan”, — dedi u.
“Ekologiya — biznes yuritish madaniyati”
Ekologiya sohasida qabul qilingan choralar barqaror bo‘lishi va havo sifati yomonlashishi takrorlanmasligi uchun nima qilish kerakligi haqidagi savolga javoban Saida Mirziyoyeva biznes va tizimli o‘zgarishlarning rolini ta’kidladi.
“Hozir biznesga ekologiya muhim ekanini maksimal darajada o‘rgatyapmiz. Korxonalar filtrlar o‘rnatishi shart. Ekologiya muhim. Bu — shunchaki madaniyat, ham davlat, ham xususiy biznes yuritish madaniyati”.
Uning aytishicha, korxonalar bilan ishlash allaqachon samara bermoqda: “Biz biznes bilan — xususiy va davlat sektori bilan — biroz ishladik. Hamma joyda filtr o‘rnatishga majbur qilyapmiz va bu natija beryapti”.
“Mashinalar bilan bog‘liq vaziyat ham shunga o‘xshash. Xalq tushunishi kerak, mas’uliyatni zimmasiga olishni, o‘zidan boshlashni o‘rganishi kerak… Mashinalar bo‘yicha ham ishlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi administratsiya rahbari.
Ekologiya haqida gap ketganda Saida Mirziyoyeva pandemiya vaqtini esladi.
“Esingizdami, kovid (pandemiyasi) paytida ekologiya qanaqa edi? Qushlar sayrardi. Musaffolik. Demak, bularning bariga erishsa bo‘ladi”, — dedi u.
Saida Mirziyoyeva, shuningdek, har tong dunyo mamlakatlaridagi havo ifloslanishini ko‘rsatuvchi yirik IQAir servisini tekshirishini ma’lum qildi.
Kuzning ayrim kunlarida Toshkent havo sifati bo‘yicha antireyting yetakchilari qatorida bo‘lgandi.
“O‘zgarishlar ta’lim orqali keladi”
Boshlovchining: “Odamlar o‘ziga zarar berayotganini tushunib yetishi uchun nega davlat xuddi „bolg‘a“ kabi tepasida turishi kerak?” degan savoliga javoban, Saida Mirziyoyeva asl o‘zgarishlar sekin-asta, vaqt o‘tishi bilan ro‘y berishini aytdi.
“Bu ta’lim orqali keladi. Bu vaqt bilan keladi. Bu — tarbiya. Bu odamlarning dunyoqarashi, mas’uliyati bilan bog‘liq”, — dedi u va qo‘shimcha qildi: “Biz buni faqat bolalar ta’limi orqali singdira olamiz”.
PA rahbari fuqarolar shaxsiy muammolarni to‘liq davlat zimmasiga yuklash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.
“Mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan odam, albatta, muvaffaqiyatga erishadi. Bu kelajak ham, farzandlar taqdiri ham bilan bevosita bog‘liq”, — dedi u.
Ekologiya — 2026-yil siyosatining ustuvor yo‘nalishi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning dekabr oyidagi murojaatnomasida ekologiya 2026-yilda O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlangan. Rejalarga ekostandartlarni joriy etish, jamoat transportini rivojlantirish, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish va issiqxonalarni klasterlarga birlashtirish kiradi.


