Britaniyaning The Sunday Times nashri Eron bo‘yicha razvedka manbalariga tayanib xabar berishicha, mamlakat Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ichki vaziyat keskinlashgan taqdirda Tehronni tark etish bo‘yicha favqulodda reja tayyorlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, agar xavfsizlik kuchlari norozilik namoyishlarini nazorat ostiga ola olmasa yoki buyruqlarga bo‘ysunishdan bosh tortsa, Xomanaiy yaqin oila a’zolari va yuqori lavozimli yordamchilaridan iborat kichik guruh bilan mamlakatdan chiqib ketishga hozirlik ko‘rmoqda.
Razvedka manbalari xabariga ko‘ra, 86 yoshli Xomanaiy taxminan 20 nafargacha bo‘lgan shaxslar bilan, jumladan, uning ehtimoliy vorisi sifatida tilga olinayotgan o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy hamrohligida harakatlanishi mumkin. Ushbu “B rejasi” armiyaning yoki xavfsizlik tuzilmalarining nazoratni yo‘qotishi holatida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Nashr sobiq Isroil razvedka xodimi Benni Sabatining fikrini ham keltiradi. Unga ko‘ra, Xomanaiy uchun eng ehtimoliy qochish yo‘nalishi Moskva hisoblanadi. Sabatining ta’kidlashicha, Eron Oliy rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lib, Rossiyani nisbatan xavfsiz va madaniy jihatdan yaqin davlat deb biladi.
Manbalarga ko‘ra, ushbu reja aktivlar, moliyaviy mablag‘lar va mulklarni chet elga chiqarish choralarini ham o‘z ichiga oladi. Bu holat 2024-yil dekabr oyida Suriyaning sobiq prezidenti Bashar al-Assadning Damashqdan Moskvaga qochishi bilan qiyoslanmoqda.


