Respublikamizning deyarli barcha hududlarida Erondan kirib kelgan issiq va quruq havo massalari, yuqori haroratdagi jazirama sababli aholining yashash sharoitlarida bir muncha qiyinchiliklar yuzaga kela boshladi.
Xususan, so‘nggi kunlarda hamyurtlarimizdan viloyatning shahar va tumanlarida elektr taʼminoti tizimida tez-tez uzilishlar yuz berayotgani haqida turli mazmundagi murojaatlar yetib kelmoqda.
Namangan shahrining Ibrat mahallasi, Soli Adashev ko‘chasida yashovchi fuqaro Isroiljon Mamajonov yuborgan murojaatni keltiramiz:
"Assalomu alaykum, hurmatli O‘zA muxbiri. Ertalabdan buyon mahallamizda (ko‘chamizda) “svet” yo‘q. 70 yoshdan oshgan hoji onamiz jazirama issiqdan yuraklari bezovta bo‘lib qiynalmoqda. Biror chorasini ko‘ringlar, iltimos. Elektrni yoqmasa bo‘lmaydi, axir. Issiqni qanday bo‘layotganini ko‘rib turibsizlarku..."
Namangan tumanidagi Qumqo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Fazliddin Karimov yo‘llagan murojaatda ham elektr taʼminotidagi soatlab uzilishlar tilga olingan:
"Ertalabdan buyon Namangan tumanidagi “Qumqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi aksariyat ko‘chalarda elektr tokini berishmayapti. Farzandimning tavallud kunini oilamiz davrasida “svet”siz nishonlashga majbur bo‘ldik. Bolajonim sevgan shirinliklarni oyisi pishirib berolmadi. To‘g‘risi, bunday yuqori haroratdagi issiq havoda yosh bolalar, qariyalar qiynaldi. Ayni sharoitda kommunal xizmat idoralari odamlarni uylarida qiynalmasdan o‘tirishlari uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib qo‘yishlari kerak emasmi? Shu alfozda, qadrimizga yig‘laymizda. Elektr taʼminoti korxonasi mutasaddilari eʼtiborli bo‘linglar, iltimos".
Namangan shahridagi Isfarxon mahallasidan, ism-sharifini yozmaslikni keltirmaslikni so‘rab, yo‘llangan murojaatda tashkilotlarda ham elektr tez-tez o‘chayotganligi qayd etilgan:
Viloyat matbuot uyining ko‘p qavatli binosida ishlaymiz. To‘g‘risi, bitta binoyimizda joylashgan avvalgi Isʼhoqxon to‘ra Ibrat nomidagi sobiq viloyat bosmaxonasi o‘rnida barpo etilayotgan savdo markazi qurilishi boshlangandan beri ishxonamizda “svet” tez-tez o‘chmoqda. Ayniqsa, yoz oyining ayni jazirama davrida elektr taʼminotida yuz berayotgan soatlab uzilishlarga o‘rganib qoldik. Boshqa ilojimiz qancha??? Elektr korxonasiga aytsak, avariya yuz berdi, tuzatyapmiz, degan javobni eshitamiz. Bitta elektr qurilmasida avariyalar tez-tez bo‘lishi tabiiy holga aylanib qoldimi?...
Biz Namangan viloyatida elektr taʼminoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammolar haqida xalqimizning dardu nolalari aks ettirilgan o‘nlab murojaatlardan ayrimlarini keltirdik, xolos.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan hokimlarga, quyi tizimdagi barcha rahbarlarga xalqni rozi qilish vazifasini asosiy ustuvor vazifa etib belgilab berilgan ekan, ayni kezda kommunal xizmat idoralari mutasaddilaridan elimiz manfaati yo‘lida amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishlarini so‘raymiz. Zero, xalq talabi – haq talab.
Darvoqe, ushbu haftada kuzatalishi xabar berilgan saraton chillasining jazirama, anomal issiq haroratli damlarida barcha hudud rahbarlari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari odamlarni tavsiya etilganidek, uydan chiqmasdan o‘tirishlari uchun barcha zaruriy choralarni, xususan elektr eyenergiyasi, toza ichimlik suvi va gaz taʼminotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga eʼtibor qaratishlari zarur emasmi?
Hamyurtlarimizning murojaatlaridan kelib chiqilgan ushbu tanqidiy chiqishga "Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" aksiyadorlik jamiyati rahbariyatidan amaliy javob kutamiz.


