1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Farg‘onada fermer va IIB xodimlari o‘rtasidagi mojaroda qurol qo‘llangani aytilmoqda

Voqea yuzasidan Business-ombudsman devoni va tegishli organlar tekshiruv olib bormoqda.

Farg‘onada fermer va IIB xodimlari o‘rtasidagi mojaroda qurol qo‘llangani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Rishton tumanida fermer xo‘jaligi rahbariga ichki ishlar xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilgani, qurol o‘qtalib, uning yaqinlariga nisbatan noo‘rin muomala qilinganiga oid xabarlar tarqaldi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 7-iyul kuni tuman “Buloqboshi gulshani” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayratjon Xayrullaev uyida bo‘lgan vaqtida uch nafar ichki ishlar xodimlari kelib, g‘alla topshirish rejasi bajarilmaganini vaj qilib, unga nisbatan keskin choralar ko‘rishga uringan. Fermerning so‘zlariga ko‘ra, xodimlardan biri qurolini o‘qtalgan, uning 70 yoshli onasi aralashganida esa itarib yuborilgan, natijada u hushidan ketib, shifoxonaga yotqizilgan.

 

Shuningdek, fermer yana bir xo‘jalik rahbari Azizbek Tojiboyev ham hokimlik topshirig‘iga binoan texnikani topshirmagani uchun ma’muriy jazoga tortilganini ma’lum qilgan.

 

Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov esa mazkur voqeaga o‘z munosabatini bildirib, fermerlarning davlat oldidagi majburiyatlari borligini, ichki ishlar xodimlari ularni tushuntirish va ogohlantirish uchun borganini, qurol yoki kuch ishlatish holati bo‘lmaganini ta’kidlagan.

 

Mamlakatimiz qonunchiligiga muvofiq, fermer xo‘jaliklari va boshqa tadbirkorlik subyektlarining erkin faoliyat yuritishi davlat tomonidan kafolatlangan. Ularga nisbatan asossiz bosim yoki zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilishi qat’iyan man etiladi.

 

Tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari buzilishi holatlari yuzasidan Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика