O‘zbekiston Prezidenti farmoni loyihasida mahalliy boshqaruv organlari faoliyatini yanada samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar belgilangan.
Loyihaga muvofiq, 2026-yil oxiriga qadar 32 ta tuman va shaharda hokimliklarning yangi boshqaruv modeli joriy etiladi. Mazkur tartib asosida 9 ta vazirlik va idoraning hududiy bo‘linmalari hokimlik tuzilmasiga o‘tkaziladi. Ular: Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Yoshlar ishlari agentligi.
Yangi tizimga ko‘ra, hokimlar ushbu bo‘linmalarga to‘liq rahbarlik qiladi, shtat birliklarini mustaqil belgilash, kadrlarni tayinlash va ozod etish, rag‘batlantirish va intizom choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, hokim o‘rinbosarlari soni qisqartirilib, 6 nafardan 4 nafargacha belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa hokimliklarda boshqaruvni ixcham va samarali qilishga xizmat qiladi.


